O‘zbekiston Moliya vazirligi mamlakat Moliya bozorini o‘rta va uzoq muddatda rivojlantirish konsepsiyasi loyihasini ishlab chiqdi. Hujjat normativ huquqiy hujjatlarning muhokamasi portalida e’lon qilindi.

Konsepsiyani ishlab chiqishda Koreya fond birjasi, BMTTD, Xalqaro moliya korporatsiyasi, Vazirlar Mahkamasi qoshidagi Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti va boshqa tuzilmalar ekspertlari ishtirok etdi.

Bugungi kunda mamlakatda 900 mingga yaqin jismoniy va yuridik shaxslar 42,1 trln so‘m nominal qiymatidagi aksiyalarga egalik qilmoqda. 2016 yilda korporativ qimmatli qog‘ozlar (aksiya va obligatsiyalar) aylanmasi 14,5 trln so‘m darajasida qayd etilib, bu mamlakat YAMMning 7,3 foiziga teng demakdir. Solishtirish uchun 2015 yilgi ma’lumotlarga e’tibor qaratsak, 2015 yilda Koreya Respublikasida bu ko‘rsatkich o‘rtacha 133,8 foiz, Yaponiyada 127,1 foiz, Turkiyada 48,7 foiz, Germaniyada 43,8 foiz, Rossiyada 8,6 foizni tashkil etgan (Jahon banki axboroti).

«Fond bozori, jumladan ikkilamchi bozordagi joriy vaziyat milliy kapital bozori aholi va sarmoyadorlar, jumladan xorijlik investorlarning erkin mablag‘larini jalb etish yo‘li bilan iqtisodiyotning real sektorini moliyalashtirish bo‘yicha o‘zining asosiy vazifalarini bajarmaganidan guvohlik bermoqda», — deyiladi konsepsiya loyihasida.

Xususiylashtirish jarayonlariga haddan ziyod ta’sirchanlik, AJlarga talablarning asossiz ravishda oshirib yuborilgani, moliya bozori sektorlarini qayta isloh qilishda muvozanatlashtirilgan yondashuvning mavjud emasligi bozorning rivojlanishiga asosiy to‘sqinlik qilgan sabablar sifatida keltirilgan.

Konsepsiyani amalga oshirish uchun 2017−2021 yillarda moliya bozorini rivojlantirish kompleks dasturini tasdiqlash taklif qilingan. Unda qimmatli qog‘ozlar bozori huquqiy normativ hujjatlarini, sug‘urta va bank xizmatlarini takomillashtirish, yangi moliyaviy vositalarni joriy etish, moliya bozorini nazorat qilish tizimini institutsional mustahkamlash va boshqalar ko‘zda tutilgan.