«O‘zbekiston havo yo‘llari» Milliy aviakompaniyasi o‘zining O‘quv-mashg‘ulot markazi bazasida ilk bor fuqarolik aviatsiyasi uchuvchilarini tayyorlashni boshlaydi, deb xabar qildi MAK matbuot xizmati «Gazeta.uz"ga.

Tanlov asosidagi saralashda oliy texnik ma’lumotga ega aviatsiya sohasi xodimlaridan bo‘lgan mutaxassislar ishtirok etishlari mumkin.

Mashg‘ulotlarning umumiy davomiyligi ikki yilni tashkil etadi. Kurslar faqatgina aviatsion fanlarga yo‘naltirilib, parvoz bo‘yicha amaliy mashg‘ulotlar ham trenajyorlarda, ham real parvoz sharoitlarida olib boriladi. Mashg‘ulotlar yakunida uchuvchilar sertifikatlarga ega bo‘ladi.

Hozirda MAK O‘quv-mashg‘ulot markazida malakali o‘qituvchilarni saralash, o‘quv darsliklari va ta’limiy kompyuter dasturlarini xarid qilish ishlari ketmoqda. Talabalar qabuli markaz tayyor bo‘lishi bilan boshlab yuboriladi.