«O‘zbekenergo» kompaniyasi va Koreya elektroenergetika korporatsiyasi (KEPCO) 22 iyul kuni o‘zaro tushunish to‘g‘risidagi memorandumni imzoladi, deb xabar qildi «O‘zbekiston» telekanalining «Axborot» dasturi.

«Memorandumda energetika sohasining barcha yo‘nalishlari, elektr energiyasini ishlab chiqarishdan tortib, uni oxirgi iste’molchiga yetkazishgacha bo‘lgan barcha jarayonlar bo‘yicha hamkorlik qilish ko‘zda tutilgan», — dedi «O‘zbekenergo» tashqi iqtisodiy aloqalar va investitsiyalarni jalb etish boshqarmasi boshlig‘i Shoyusuf Usmonov.

Eskirgan elektrostansiyalarni modernizatsiya qilish bo‘yicha loyihalarni amalga oshirish rejalashtirilgan. O‘zbekiston mutaxassislari koreys hamkasblari bilan tajriba almashib, yangi texnologiyalarni o‘zlashtirishlari mumkin.

KEPCO prezidenti Cho Xvan Ikning ta’kidlashicha, O‘zbekiston mutaxassislari KEPCO texnologiyalari va quvvatlari tanishish uchun Koreya Respublikasiga yuborilishi mumkin.