Toshkent viloyatidagi Angren shahri, shuningdek Ohangaron va Yangiyo‘l tumanlariga yangi hokimlar tayinlandi, deb xabar qildi poytaxt viloyati hokimiyati matbuot xizmati «Gazeta.uz"ga.

2007 yildan buyon O‘zbekiston favqulodda vaziyatlar vaziri o‘rinbosari bo‘lib ishlab kelgan Hakimjon Abdulazizov Angren hokimi bo‘ldi.

Bunga qadar Mudofaa vazirligi bo‘lim boshlig‘i bo‘lgan Odiljon Jo‘rayev Ohangaron tuman hokim lavozimiga tayinlandi.

Avval Navoiy viloyati prokurori vazifasini bajaruvchi sifatida faoliyat ko‘rsatgan, 2012—2015 yillarda Toshkentning Mirzo Ulug‘bek tumani prokurori bo‘lgan Abduqahhor To‘xtaboyev esa Yangiyo‘l tumaniga hokim etib tayinlandi.

Eslatib o‘tamiz, o‘tgan hafta oxirida Toshkent viloyatiga tashrif buyurgan Prezident Shavkat Mirziyoyev Angren hokimi Ibrohimjon Rahmonov, Ohangaron tumani hokimi Rustam Ubaydullayev va bir qator davlat organlari rahbarlarini lavozimidan ozod qilishni taklif etgan edi.