22 iyul kuni ertalab Toshkent Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi Qutqaruv otryadi Chilonzor tumanida Bo‘rjar anhoriga tushib ketgan 52 yoshli erkakni qutqarib qoldi. Bu haqda O‘zbekiston FVV matbuot xizmati xabar qildi.

Hodisa to‘g‘risida FVB navbatchilik qismiga 6:38 da xabar kelib tushadi, qutqaruvchilar voqea joyiga 6:50 da yetib keladi. Ma’lum bo‘lishicha, qirg‘oq bo‘ylab ketayotgan erkak ehtiyotsizlik oqibatida tik jarlikdan suvga qulab tushadi. Taxminan 50 metr oqim bo‘ylab suzib, daraxtdan tutib olishning uddasidan chiqadi.

Evakuatsiya qilingan erkakda arterial qon bosimining pastligi va holsizlanish qayd etildi. Unga birinchi tez tibbiy yordam ko‘rsatildi. Shundan so‘ng «tez yordam» shifokorlari qo‘liga topshirildi. Ayni paytda jabrlanuvchi shifoxonada, uning ahvoli qoniqarli.