Jizzax viloyati Sharof Rashidov tumanida (sobiq Jizzax tumani, o‘tgan yil oxirida qayta nomlandi) Sharof Rashidov byusti ochildi, deb xabar qildi O‘zA.

Tuman markazida barpo etilgan obod va ko‘rkam maydonga o‘rnatilgan yodgorlikka yopilgan pardani Sharof Rashidovning qizi Sayyora Rashidova va Jizzax viloyati hokimi Ulug‘bek Uzoqov ochdi. Yodgorlik poyiga davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, yaqinlari tomonidan gulchambarlar qo‘yildi, ushbu insonga hurmat bajo keltirildi.

27 mart kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev davlat arbobi va yozuvchi Sharof Rashidov tavalludining 100 yilligini nishonlash to‘g‘risidagi qarorni imzolagan edi.

Ayni damda Jizzaxda memorial uy-muzeyini tashkil etish, adibning «Saylanma» asarlar to‘plamini, shuningdek, «Xalqimizning otashqalb farzandi» nomli xotira kitobini nashrga tayyorlash, hayoti va ijtimoiy-ijodiy faoliyati haqida hikoya qiluvchi hujjatli film yaratish ishlari amalga oshirilmoqda.