O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 21 iyul kuni Angren shahriga tashrif buyurdi, deb xabar qildi O‘zA. Davlat rahbari «Angren» erkin iqtisodiy zonasida konveyer lentalari, qishloq xo‘jaligi texnikasi va avtomobil shinalari ishlab chiqarish loyihasi bilan tanishdi.

Loyihaga ko‘ra yiliga 100 ming pogon metr konveyer lentasi, 200 mingta qishloq xo‘jaligi texnikasi shinasi, 3 million dona avtomobil shinasi ishlab chiqarish rejalashtirilgan. Bu tovarlarni mamlakatimizda ishlab chiqarish import o‘rnini to‘ldirish, valyuta mablag‘larini tejash, shu bilan birga, eksportdan foyda topish imkonini beradi.

Zavod ishga tushgach 1 ming 200 ga yaqin kishi ish bilan ta’minlanadi. Yoshlar zamonaviy texnologiyalarni egallab, malakali kadr bo‘lib shakllanadi. Hozirgacha 68 mutaxassis Xitoyda malaka oshirib qaytdi.

Davlat rahbari korxona uchun mutaxassislarni aniq, manzilli asosda tayyorlash, xomashyoni mahalliylashtirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi. Xitoyning «Poli teknoloji» kompaniyasi bilan hamkorlikni kengaytirish, xususan, yangi imkoniyatlarni kashf etish, ishlab chiqarish va qayta ishlashni chuqurlashtirish bo‘yicha «O‘zkimyosanoat» aksiyadorlik jamiyati bilan 10 yillik strategiya ishlab chiqish zarurligini ta’kidladi.

Bugungi kunda zavodda qurilish-montaj ishlari jadal davom etmoqda. Rejaga ko‘ra, joriy yilning 1 sentyabr kuni korxonada birinchi shina ishlab chiqariladi.

Shu yerda qurilish materiallari, avtomobilsozlik, elektr texnikasi va neft-kimyo mahsulotlari ishlab chiqarish, «Angren» erkin iqtisodiy zonasida istiqbolli loyiahalarni amalga oshirish, Toshkent viloyatidagi bo‘sh turgan binolardan samarali foydalanish borasidagi ishlar haqida ma’lumot berildi.

Prezident bu loyihalarning iqtisodiy samaradorligiga e’tibor qaratdi, xomashyosi va bozorini surishtirdi. Korxonalarning oyoqqa turib olishiga ko‘maklashish, energiya sarfini kamaytirish orqali mahsulotlarning raqobatbardoshligini oshirish, odamlarni ish bilan ta’minlash muhimligini ta’kidladi.

Prezident xorijlik investorlar bilan suhbatlashdi.

Shu yerda «Angren» erkin iqtisodiy zonasidagi korxonalarda ishlab chiqarilayotgan mahsulotlardan namunalar namoyish etildi.