Vazirlar Mahkamasining 7 iyuldagi qarori bilan Toshkentda tez quriluvchi va arzon turar-joylar qurilishini rivojlantirish bo‘yicha choralar tasdiqlandi, deb xabar qildi Norma.uz.

2017—2018 yillarda poytaxtning Olmazor tumanidagi sobiq «Toshkent chinni zavodi» hududida «Yangi Olmazor» turar-joy majmuasi quriladi.

U oltita to‘qqiz qavatli ko‘p kvartirali uy va bitta Germaniyaning Vollert kompaniyasining zamonaviy energiyatejamkor texnologiyasi joriy etilgan holda qurilish konstruksiyalari va buyumlari qo‘llanilgan tajriba-sinov ko‘p kvartirali to‘qqiz qavatli uyni o‘z ichiga oladi.

Kvartiralar yosh oilalar, eskirgan uylarda yashayotgan aholi vakillari va turar-joy sharoitlarini yaxshilashga ehtiyojmand fuqarolarga taqdim etiladi.

Turar-joy majmuasi jismoniy shaxslarni dastlabki badallari (kvartira narxining 25 foizidan boshlanadigan), Davlat byudjeti va boshqa manbalar hisobidan ularni «Ipoteka bank» ATIB ustav kapitalini oshirishga yo‘naltirish yo‘li bilan (75 foiz) bunyod etiladi.

Tashqi va ichki muhandislik tarmoqlari, yo‘llar, yo‘laklar, hovli inshootlari, bolalar maydonchalari, qurilish maydonini obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish ishlari Toshkent mahalliy byudjeti mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi.