18 iyul kuni O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov boshchiligidagi delegatsiya Bryussel shahrida Yevropa Ittifoqining Tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha Oliy vakili, YeI Komissiyasi vitse-prezidenti Federika Mogerini bilan uchrashdi. Bu haqda TIV matbuot xizmati xabar qildi.

Tashqi siyosat idoralari rahbarlari tomonidan o‘zaro aloqalarga oid qator masalalar muhokama qilindi va O‘zbekistonda bo‘lib o‘tadigan «Yevropa Ittifoqi-Markaziy Osiyo» vazirlar uchrashuvida kun tartibi yuzasidan fikr almashildi.

Abdulaziz Kamilov Federika Mogerinini shu yilning kuzida Samarqand shahrida BMT rahbarligida o‘tkaziladigan Markaziy Osiyoda xavfsizlikni va barqarorlikni ta’minlash muammolari bo‘yicha xalqaro anjumanga taklif etdi.

Shuningdek, xalqaro va mintaqaviy siyosatning dolzarb jihatlari ham ko‘rib chiqildi.