Prezident Shavkat Mirziyoyev 19 iyul kuni Sankt-Peterburgda (Rossiya) O‘zbekiston Bosh konsulligi ochish to‘g‘risidagi qarorni imzoladi, deb xabar qildi davlat rahbari sayti.

Ushbu qaror O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari va yuridik shaxslarining huquq va manfaatlarining samarali himoya qilinishini ta’minlash, ularga sifatli konsullik-huquqiy yordam ko‘rsatish, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining migratsion oqimini monitoring qilish maqsadida qabul qilindi.

Ayni paytda O‘zbekiston Rossiyada ikkita diplomatlik vakolatxona — Moskvadagi elchixona va Novosibirskdagi Bosh konsullikka ega. Tashqi ishlar vazirligi Rossiyaning Qozon, Rostov-na-Donu, Yekaterinburg va Vladivostok shaharlarida ham konsullik muassasalarini ochish masalasini ko‘rib chiqmoqda.

Yaqinda O‘zbekiston TIV rahbari tomonidan e’lon qilingan ma’lumotga ko‘ra, 2016 yilda Rossiyaga 1,7 mln nafar O‘zbekiston fuqarosi kelgan.