O‘zbekiston Davlat soliq qo‘mitasi tuzilmasida qator o‘zgarishlar ro‘y berdi. Ular Prezidentning 18 iyuldagi farmonida ko‘zda tutilgan.

Bozorlar va savdo komplekslari faoliyatini nazorat qilish bosh boshqarmasi hamda Chakana savdo va xizmat ko‘rsatish sohasida naqd xorijiy valyuta muomalasiga yo‘l qo‘ymaslik ustidan nazorat qilish, qisqa muddatli tekshirishlarni tashkil etish bo‘yicha maxsus boshqarma negizida Chakana savdo va xizmat ko‘rsatish sohasida huquqbuzarliklarni profilaktika qilish bosh boshqarmasi tashkil etildi.

Axborot-tahlil bosh boshqarmasining Texnik boshqarmasi negizida Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari bosh boshqarmasi tuzildi.

Axborot-tahlil bosh boshqarmasi Tahlil va prognozlashtirish bosh boshqarmasiga, Soliq solish metodologiyasi boshqarmasi Metodologiya va soliq organlarini modernizatsiya qilish boshqarmasiga, Axborot xizmati Jamoatchilik bilan aloqalar va huquqiy axborot bo‘limiga, Yuridik bo‘lim Yuridik boshqarmaga aylantirildi va uning tarkibida Qoraqalpog‘iston, viloyatlar va Toshkent shahar davlat soliq boshqarmalarida tegishli bo‘linmalari (sho‘’balari) bo‘lgan soliq nizolarini sudgacha hal etish bo‘limi ochildi.

Soliq organlari faoliyatiga zamonaviy AKTni joriy etish uchun mas’ul bo‘lgan DSQ raisining o‘rinbosari — AKT bosh boshqarmasi boshlig‘i lavozimi joriy etildi.

1 yanvardan boshlab DSX organlari xodimlari turar joy ijarasi uchun har oylik pulli badal va imtiyozli shartlar asosida turar joy xarid qilish uchun uzoq muddatlik ipoteka kreditlarini olish huquqidan foydalanishlari mumkin. Ushbu huquqdan ayni damda sudyalar va prokuratura organlari xodimlari foydalanib kelmoqda.