17 iyul kuni O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov boshchiligidagi delegatsiya Bryussel shahrida «O‘zbekiston — Yevropa Ittifoqi» Hamkorlik kengashining 13-yig‘ilishida ishtirok etdi, deb xabar qildi TIV matbuot xizmati.

Yig‘ilish boshlanishidan avval Xorvatiyaning Yevropa Ittifoqiga qo‘shilishi munosabati bilan O‘zbekiston, bir tomondan, Yevropa hamjamiyatlari va ularga a’zo-davlatlar, ikkinchi tomondan, o‘rtasida sheriklikni ta’sis etuvchi Sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi Bitimga Bayonnomani imzolash marosimi bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston nomidan hujjatni tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov, Yevropa Ittifoqi nomidan esa YeIga raislik qilayotgan Estoniya tashqi ishlar vaziri Sven Mikser hamda Yevropa Ittifoqi Komissiyasining Savdo bo‘yicha Bosh direktorati bo‘limi rahbari Petros Surmelis imzoladilar.

Yig‘ilishda ikki tomon kun tartibidagi masalalar, avval erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish jarayoni batafsil ko‘rib chiqildi.

Tomonlar uzoq muddatli va o‘zaro manfaatli ikki tomonlama shakldagi va mintaqalararo darajadagi keng qamrovli sherikchilikni rivojlantirishga tayyorliklarini tasdiqladilar.

O‘zbekiston va Yevroittifoq terrorizm, diniy ekstremizm, narkotik moddalarning tarqalishi va uyushgan jinoyatchilikning boshqa ko‘rinishlariga qarshi kurashishda sa’y-harakatlarni birlashtirishdan manfaatdor ekanligi qayd etildi.

Yig‘ilishda madaniy-gumanitar hamkorlikning istiqbollari ham muhokama qilindi.