Britaniya muzeyi Buxoro viloyatining Vobkent tumanida joylashgan o‘rta asrlarga oid Chashmai Ayub maqbarasi old qismining o‘g‘irlab ketilgan parchasini O‘zbekistonga qaytarishga yordamlashadi. Bu haqda The Guardian xabar qildi.

Balandligi yarim metrdan ziyodroq bo‘lgan arab tilidagi kalligrafik yozuvga ega lavha 2014 yilda o‘g‘irlab ketilgan edi.

Ushbu parcha Londonning Mayfair galereyasida sotuvga qo‘yilmaguncha butunlay yo‘qotilgan, deb hisoblab kelinayotgan edi. Yaqindagina O‘zbekistonga tashrif buyurgan Oksford olimi Saymon Rey peshlavha tasvirini galereya katalogida ko‘rib qoladi.

Ushbu artefaktni sotib olgan Rey Britaniya muzeyi bilan bog‘lanadi. Reyning so‘zlariga ko‘ra, peshlavha yillar davomida Germaniyadagi kolleksiyalardan birida saqlab kelingan, deya uni ishontirishgan.

Ushbu hafta Londonda artefaktni O‘zbekiston elchixonasiga topshirish marosimi bo‘lib o‘tadi.

The Guardian’ning yozishicha, O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov noyob topilmani qaytarishdagi jonbozlik uchun o‘z minnatdorchiligini bildirdi.