17 iyul kuni «O‘zbekiston — Yevropa Ittifoqi» Hamkorlik kengashining navbatdagi yig‘ilishida ishtirok etish uchun Bryusselga tashrif buyurgan O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov Yevropa Ittifoqi Komissiyasining Xalqaro hamkorlik va rivojlanish bo‘yicha Bosh direktorati rahbari Stefano Manservisi va Yevropa tashqi faoliyat xizmatining Bosh kotibi Helga Shmidt bilan uchrashdi. Bu haqda O‘zbekiston TIV matbuot xizmati xabar qildi.

14 iyul kuni Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan uchrashuvning davomi sifatida tomonlarning hamkorlikni mustahkamlash va rivojlantirishga tayyorligini hisobga olgan holda O‘zbekiston va YeI o‘rtasidagi munosabatlarni yanada chuqurlashtirishning ustuvor yo‘nalishlari muhokama qilindi.

Muzokaralar yakuniga ko‘ra Abdulaziz Kamilov va Stefano Manservisi «Bog‘dorchilikni rivojlantirish» loyihasini amalga oshirish to‘g‘risidagi O‘zbekiston va Yevropa Ittifoqi o‘rtasidagi Moliyaviy bitimni imzolashdi.

Imzolangan kundan boshlab kuchga kiruvchi hujjat O‘zbekiston qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi huzuridagi ilmiy-tadqiqot institutlarining moddiy-texnik bazasini modernizatsiya qilish va mustahkamlash uchun Yevroittifoq tomonidan 21,5 mln yevro miqdoridagi grant mablag‘lari ajratilishini nazardan tutadi.