O‘zbekiston va Qirg‘iziston aviakompaniyalari o‘n yil ichida birinchi marotaba uchrashuv o‘tkazdi. O‘zbekiston Davavianazoratda o‘tgan hafta transport va yo‘llar vaziri o‘rinbosari Gulmira Abdraliyeva boshchiligidagi Qirg‘iziston delegatsiyasi qabul qilindi.

«O‘zbekiston havo yo‘llari» Milliy aviakompaniyasi matbuot xizmatining xabar qilishicha, uchrashuvda Toshkent va O‘zbekistonning boshqa shaharlaridan «Tomchi» xalqaro aeroportiga parvozlarni amalga oshirish, «O‘sh» xalqaro aeroporti hududida havo kengligidan foydalanish va aviatashuvchilarning tijoriy hamkorligi masalalari muhokama qilindi.

Bundan tashqari, Toshkent-Bishkek-Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha «O‘zbekiston havo yo‘llari» parvozlari sonini haftasiga to‘rt marotabagacha oshirish masalasi ko‘rib chiqildi. Qirg‘iziston tomoni O‘zbekiston aviatashuvchisiga Qirg‘iziston orqali tranzit parvozlarini amalga oshirishga ruxsat berishga tayyor ekanini bildirdi.

Gulmira Abdraliyeva Toshkent-Issiqko‘l-Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha charter reyslarini qayta tiklashga tayyor ekanliklarini bildirdi.