O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 15 iyul kuni Toshkentning Yunusobod tumaniga tashrif buyurdi, deb xabar berdi O‘zA.

Davlat rahbari poytaxt ichki ishlar bosh boshqarmasining Qo‘riqlash boshqarmasi faoliyati bilan ham tanishdi. Bu yerda «Xavfsiz shahar» boshqaruv situatsion markazi tashkil etiladi.

Markaz yo‘l harakati xavfsizligi, yong‘in xavfsizligi, qo‘riqlash xizmati, post-patrul xizmati va boshqa tarmoqlarni geoinformatsion tizim orqali boshqarishi rejalashtirilmoqda.

Bozorlar, ta’lim va tibbiyot muassasalari, mehmonxonalar, yo‘llar va boshqa jamoat joylariga o‘rnatilgan videokuzatuv uskunalaridan ma’lumotlar keladi.

Prezidentning qayd etishicha, tizim ishini sozlash va aprobatsiya qilishdan keyin uni mamlakatning barcha shaharlarida qo‘llash kerak.

Shavkat Mirziyoyev, shuningdek, 2013 yildan buyon faoliyat yuritib kelayotgan Shifo Nur tibbiyot markazida bo‘ldi.