O‘zbekistonda xorijga chiqish pasportlarini amalda joriy qilish masalasi ijobiy yechim topsa uning berilishi 2019 yildan bosqichma-bosqich boshlanadi. Bu haqda Ichki ishlar vazirligi matbuot xizmati xabar qildi. Xorijga chiqish pasportlarni joriy qilish masalasini ko‘rib chiqish bilan idoralararo maxsus ishchi guruhi shug‘ullanmoqda.

Rejaga asosan, amaldagi biometrik pasport O‘zbekiston hududida pasport egasining shaxsini tasdiqlovchi asosiy hujjat bo‘lib qoladi. Bundan tashqari, amaldagi biometrik pasportiga ega xorijdagi shaxslar uchun mazkur hujjatdan foydalanishning alohida tartibi ishlab chiqiladi.

Chet elga chiqish uchun ikki yillik ruxsatnoma yozuvi stikerining bekor qilinishi 2017—2021 yillarda O‘zbekistonni rivojlantirish bo‘yicha Harakatlar strategiyasidan o‘rin olgan. Bu masala, shuningdek, 5 iyulda tashqi ishlar vazirining vatandoshlar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri suhbatida ham ko‘tarilgan edi.

May oyida BMTning Inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari Zayd Raad al-Husayn O‘zbekistonga tashrifi chog‘ida hukumatning chiqish stikerlarini bekor qilishi va chiqish hujjatlarini rasmiylashtirish jarayonini soddalashtirish to‘g‘risidagi qarorini qizg‘in ma’qullagan edi.

11 iyulda O‘zbekiston Prezidenti imzolagan qarorida mas’ul idoralarga bir oy muddat ichida xorijga chiqish pasportlarni joriy qilish masalasi bo‘yicha «asosli takliflar» tayyorlash vazifasi yuklatilgan edi.