Toshkent 15 yillik tanaffusdan so‘ng yana Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining Vakillar byurosi tomonidan har yili o‘tkaziluvchi OAV erkinligi masalalari bo‘yicha Markaziy Osiyo ommaviy axborot vositalari konferensiyasini qabul qiladi. 19-marotaba tashkil etilayotgan forum mavzusi — «Markaziy Osiyoda ochiq jurnalistika» bo‘lib, 18−19 oktyabr kunlari O‘zbekiston poytaxtida bo‘lib o‘tadi.

Konferensiyada 80 nafar jurnalist, hukumatlar, fuqarolik jamiyati tashkilotlari, akademik doiralar vakillari va xalqaro ekspertlar ishtirok etib, mintaqada OAV erkinligini bilan bog‘liq masalalarni muhokama qiladi.

Kun tartibidan axborotlarni tarqatish tamoyillari, raqamli va mobil muhit rivoji bilan bog‘liq tahdidlar, shuningdek OAV erkinligini himoya qilish va mediada xusumat tiliga qarshi kurash mavzulari o‘rin olgan.

YeXHTning OAV bo‘yicha Markaziy Osiyo konferensiyasi har yili mintaqa davlatlari poytaxtlaridan birida o‘tkaziladi. Avvalgi 18-konferensiya esa Venada bo‘lib o‘tgan edi.

Toshkent 2002 yilda 4-konferensiyani qabul qilgan, o‘shanda mavzu «OAV erkinligi va korrupsiya» bo‘lgan edi.