O‘zbekiston hukumati 9 sentyabr kuni Toshkentda silat bo‘yicha Asian Fight 2017 xalqaro jang shou-musobaqasini o‘tkazishga ijozat berdi. Marosimda faxriy mehmon sifatida jahon yulduzlari — aktyor Jan-Klod Van Damm va aralash yakkakurashlar jangchisi Jeff Monson ishtirok etadi, deb xabar qildi federatsiya prezidenti Aziz Jo‘raboyev «Gazeta.uz"ga.

Musobaqada rossiyalik afsonaviy MMA jangchisi Fyodor Yemelyanenko ham ishtirok etishi mumkin. Ayni paytda undan og‘zaki rozilik olingan.

Avval xabar qilinganidek, niderlandiyalik didjey Armin van Byuren shouning musiqiy jo‘rovozligiga javob berishi mumkin. Biroq tomonlar hozircha artistning tig‘iz ish jadvali sababli kelishuvga erisholgani yo‘q. «Biroq biz boshqa didjeylar bilan muzokaralar olib borayapmiz, hozircha ularning ismini ayta olmaymiz. Bu syurpriz bo‘ladi», — dedi Aziz Jo‘raboyev.

Uning so‘zlariga ko‘ra, musobaqada ishtirok etuvchi qariyb barcha mahalliy jangchilar nomi aniq bo‘lib ulgurgan. «Ular bizning jahonda o‘z vazniga ega bo‘lgan — Mahmud Murodov, Hasan Barotov, Furqat Yakubov, Muhammadali Toshturg‘unov, Anvar Boynazarov. Yana ikki sportchi bilan muzokaralar olib borayapmiz. Bizning maqsadimi — jangchilarimizni mamlakat qahramonlariga aylantirish», — dedi federatsiya prezidenti.

Musobaqaning «Bunyodkor» stadionida o‘tkazilishi kutilmoqda. Iyul oyi oxirida o‘tkaziladigan matbuot anjumanida tashkilotchilar yanada batafsil ma’lumotlarni taqdim etadi.