Toshkent IIBB xodimlari 10 iyul kuni Toshkent davlat pedagogika universitetining boshlang‘ich ta’lim va jismoniy madaniyat fakultetining ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha dekan muovinini pora olish vaqtida qo‘lga oldi.

IIBB saytida xabar qilinishicha, qo‘lga olingan shaxs yosh yigitni mazkur universitetga o‘qishga kiritib qo‘yishni va’da qilib, undan 7000 AQSH dollari miqdoridagi pullarni olgan.

Mazkur holat yuzasidan Chilonzor tuman prokuraturasi tomonidan firibgarlik va pora berishga dalolatchilik qilish alomatlari bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atgan.

Hozirda dastlabki tergov harakatlari davom ettirilib, uning boshqa jinoyatlarga aloqadorligi tekshirilmoqda.

IIBB o‘qishga kirish uchun pora beruvchi shaxslar ham jinoiy javobgarlikka tortilishi to‘g‘risida ogohlantirgan.