«Paxtakor» futbol klubining uy stadioni 2017 yil oxiriga qadar buziladi. Uning o‘rniga 30 ming tomoshabin o‘rniga ega yangisini bunyod etish rejalashtirilmoqda, deb xabar qildi jamoa matbuot xizmati «Gazeta.uz"ga.

Ayni paytda klub rahbariyati bo‘lg‘usi inshootning 3−4 xil konsepsiyasini ko‘rib chiqmoqda. «Yangi stadion loyihasi hozircha tasdiqlangani yo‘q, biroq yaqin vaqtlarda u hukumatga taqdim etiladi. Hozircha aniq muddatlarini ayta olmaymiz. Buzish to‘g‘risidagi qaror muxlislar uchun sharoitlarni yaxshilash maqsadida qabul qilindi, zero ayrim joylarda yugurish yo‘lakchasi bilan tribuna o‘rtasidagi masofa 100 metrgachani tashkil etadi», — dedi «Gazeta.uz» suhbatdoshi. Uning aytishicha, yangi arena qurilishi muddati loyiha hukumat tomonidan ko‘rib chiqilganidan so‘ng ma’lum bo‘ladi.

Shu kunlarda Toshkent viloyatining Qibray tumanida klubning mashg‘ulotlar bazasini rekonstruksiya qilish ishlari boshlanmoqda. Shu munosabat bilan jamoa mashg‘ulotlar olib borish uchun «Jar» stadionini yarim yil muddatga ijaraga oldi.

«Paxtakor» stadioni 1956 yilda qurilgan va dastlab 55 ming tomoshabinni o‘z bag‘riga sig‘dirgan. Ammo 1996, 2008 va 2012 yillardagi qator rekonstruksiya ishlaridan so‘ng uning sig‘imi 35 mingga qadar kichraydi.