O‘zbekistonda xorijga chiqish pasportlarini joriy etishga qaror qilindi. Bu haqda Prezidentning 11 iyuldagi migratsion jarayonlar va fuqarolikni rasmiylashtirishda ichki ishlar organlarining faoliyatini tubdan takomillashtirish to‘g‘risidagi qarorida so‘z boradi.

Hujjatda vakolatli tashkilotlarga bir oy muddatda mazkur masala bo‘yicha takliflarni ishlab chiqishga ko‘rsatma berildi.

Takliflarda xorijga chiqish pasportlarini joriy etishning aniq bosqichlari, muddatlari, texnik shartlari va moliyaviy xarajatlar aks etishi lozim.

Ichki va tashqi pasportlarni joriy etish, chet elga chiqishga ruxsat berishni rasmiylashtirish (stiker) jarayonini bekor qilish 2017−2021 yillarda O‘zbekistonni rivojlantirish bo‘yicha Harakatlar strategiyasida ko‘zda tutilgan edi.

Qayd etish joizki, 2011 yildan joriy etilgan biometrik pasportlar amalda xorijga chiqish pasporti hisoblanib, xalqaro talablarga javob beradi.