12 iyul kuni Yevropa komissiyasining xalqaro taraqqiyot va hamkorlik bo‘yicha bosh direktori Stefano Manservisi rahbarligidagi Yevropa ittifoqi vakillari delegatsiyasi Yevroittifoqning Markaziy Osiyo bo‘yicha maxsus vakili Piter Burian hamrohligida O‘zbekistonga tashrif buyuradi. Bu haqda YeI delegatsiyasining O‘zbekistondagi idorasi matbuot xizmati xabar qildi.

Stefano Manservisi hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari, jumladan qishloq xo‘jaligi, iqtisodiy taraqqiyot, xususiy biznes va tadbirkorlik, suv resurslarini boshqarish, energetika va chegaralarni boshqarish masalalarini muhokama qilish uchun O‘zbekiston hukumati vakillari bilan qator uchrashuvlarni o‘tkazishni rejalashtirgan.

Delegatsiya, shuningdek YeIga a’zo davlatlarning O‘zbekistondagi diplomatik vakolatxonalari, shu bilan birgalikda Osiyo taraqqiyot banki, JICA, KOICA, BMT Taraqqiyot dasturi, YUNISEF jamg‘armasi, Jahon banki kabi agentlik va tashkilotlar bilan uchrashuvlar o‘tkazib, taraqqiyotning muhim masalalari va hamkorlikni mustahkamlash imkoniyatlarini muhokama qiladi.