«Qarshi-Kitob» temir yo‘l tarmog‘i (Shahrisabz stansiyasi yaqinida) elektrlashtirilib, tezyurar yo‘lovchi poyezdlarining harakati tashkil etiladi. 2017−2018 yillarga mo‘ljallangan loyiha qiymati 58,87 mln AQSH dollari ekvivalentiga teng. Bu haqda O‘zbekiston Prezidentining 10 iyuldagi qarorida ko‘zda tutilgan.

Loyiha «O‘zbekiston temir yo‘llari» AJning 18,58 mln dollar, «O‘zbekenergo» AJning 7,31 mln dollar ekvivalentiga teng mablag‘lari, 2018 yilgi davlat byudjetidan 50 mlrd so‘m (14,06 mln dollar ekvivalenti) miqdoridagi markazlashtirilgan investitsiya mablag‘lari, shuningdek, O‘zbekiston Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasining 18,92 mln dollar miqdoridagi krediti hisobidan moliyalashtiriladi.

Loyiha ishtirokchilari 2019 yil 1 yanvariga qadar bojxona va soliq imtiyozlariga ega bo‘ldi.

Loyiha bilan bog‘liq ob’ektlar bunyod etish uchun yer uchastkalari ajratilishi munosabati bilan fermer xo‘jaliklari ko‘radigan zarar va aholining ko‘chirilishi mahalliy byudjet mablag‘lari va boshqa manbalar hisobidan qoplanadi.

2012—2015 yillarda Samarqanddan Qarshigacha temir yo‘lni elektrlashtirish loyihasi amalga oshirilib, «Toshkent-Samarqand-Qarshi» yo‘nalishida Afrosiyob poyezdi harakatlanishni boshlagan edi.