O‘zbekiston Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi hamda «SAP MDH» kompaniyasi 10 iyul kuni respublikada raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish sohasida hamkorlik maqsadida o‘zaro tushunish to‘g‘risidagi memorandumni imzoladi. Bu haqda Axborot vazirligi matbuot xizmati xabar qildi.

Tomonlar, jumladan yuqori texnologiyali loyihalarni amalga oshirish uchun SAP Universitet Alyansi vositasida AKT sohasiga kadrlar tayyorlash va IT-xizmatlar eksportini jadallashtirish, SAP xalqaro tajribasini yetkazish va texnologiyalar transferi, kommunal xizmatlar uchun SAP yechimlari bazasida zamonaviy billing tizimlarini joriy etish, iqtisodiyot sektorlarini raqamlashtirish va boshqa yo‘nalishlarda o‘zaro hamkorlik qilishga kelishib olindi.

O‘zbekistonda SAP’ning doimiy vakolatxonasini ochish rejalashtirilgan.

1972 yilda tashkil etilgan SAP dasturiy ta’minot ishlanmalari sohasida dunyodagi yetakchi kompaniyalardan biri hisoblanadi.