2020 yilga qadar Samarqand hududida xorijiy investorlar bilan hamkorlikda Samarkand city turizm zonasi tashkil etiladi. Bu O‘zbekiston hukumatining 30 iyundagi Samarqand va Samarqand viloyatining turistik salohiyatini rivojlantirishni jadallashtirishning uch yillik dasturi tasdiqlangan qarorida ko‘zda tutilgan.

Samarkand city hududida zamonaviy mehmonxonalar, kottejlar, madaniy-sog‘lomlashtirish va ko‘ngilochar-savdo maskanlari, jumladan amfiteatr, bouling-klublar, karaoke-barlar, kafe, restoranlar, esdalik sovg‘alari va boshqa mahsulotlar do‘konlari quriladi.

Dasturda umumiy ovqatlanish tizimini takomillashtirish va turistlarning kechki bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazishlari uchun sharoitlar yaratish, shu jumladan zamonaviy restoranlar qurish, nurli va musiqiy shou dasturlarini tashkil etish, o‘zbek milliy musiqasining teatrlashtirilgan konsert dasturlarini tashkil etish, madaniy meros ob’ektlari hududida milliy urf-odat va an’analarni namoyish etish ko‘zda tutilgan.

aviareyslar va tezyurar «Afrosiyob» elektropoyezdi qatnovlari sonini ko‘paytirish, Samarqand shahrining tarixiy hududida sayyohlarga xizmat ko‘rsatuvchi ixtisoslashtirilgan tashkilot tashkil etish, turistik namoyish ob’ektlariga olib boradigan avtomobil yo‘llarini qurish va rekonstruksiya qilish yo‘li bilan transport xizmatini yaxshilash, shu jumladan, avia va temiryo‘l infratuzilmasini yanada rivojlantirish belgilangan.

Samarqand shahrining batafsil loyihalashtirish planining yangilangan rejasini tasdiqlagan holda zarur obodonlashtirish ishlarini tashkil etish, turizm infratuzilmasi ob’ektlarida bankomat va terminallar o‘rnatgan holda maxsus esdalik sovg‘alari shoxobchalarini shahar ko‘chalari bo‘ylab oqilona taqsimlash, butunjahon Internet axborot tarmog‘idan foydalanishga keng imkoniyat yaratgan holda turistlar gavjum joylarda Wi-Fi hududlarini tashkil etishni nazarda tutgan holda Samarqand shahri hududini obodonlashtirish belgilangan.

«Samarqand nonlari», «Samarqand hunarmandlari», «Milliy taomlar», «Sharq shirinliklari» kabi har yilgi mavzuli festivallarni tashkil etish va o‘tkazish, xorijiy turoperatorlar va ommaviy axborot vositalari vakillari uchun axborot turlarini tashkil etish, ekskursiyalarning turistik xaritalarini tayyorlash, shuningdek ommabop xorijiy telekanallarda Samarqandning turizm salohiyatini targ‘ib qilish, hududning diqqatga sazovor joylari va boy tarixiga bag‘ishlangan ma’lumotlarni butunjahon Internet axborot tarmog‘i va ommabop ijtimoiy tarmoqlarda joylashtirish orqali keng qamrovli reklama kampaniyasini o‘tkazish va Samarqand shahri brendini targ‘ib etish rejalashtirilgan.

Samarqand tumanidagi eshkak eshish kanali hududida tashrif buyuruvchi ko‘plab mehmonlar va turistlarning, Samarqand shahri va Samarqand viloyatining aholisini oilaviy hordiq chiqarishi uchun yil davomida o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlarini o‘tkazish imkonini beruvchi zamonaviy sportzal, sport maydonchalari, usti ochiq va yopiq basseynlar, shuningdek oilalar uchun mehmonxona majmualari va kottejlar, suv attraksionlarini o‘z ichiga olgan hordiq chiqarish infratuzilmasining boshqa ob’ektlaridan tashkil topgan sport-sog‘lomlashtirish va turistik-rekreatsion majmuasi barpo etiladi.

Yangi turizm yo‘nalishlarini tashkil etish va turizmning yangi turlarini rivojlantirish, shu jumladan «Zarafshon» davlat qo‘riqxonasi hududini va u yerda saqlanayotgan Buxoro bug‘usining (xongulning) turistlar tomonidan keng qamrovli kuzatilishi uchun ilmiy-rekreatsion hududlarni tashkil etish, turizm infratuzilmasi ob’ektlarini barpo qilish sharti bilan hududda turizm majmuasi va ekoturizm zonalari tashkil qilish ko‘zda tutilgan.

Dasturda asosiy e’tibor ziyorat turizmini rivojlantirish va ziyoratchi-sayyohlar oqimini oshirishga qaratilgan. Payariq tumanidagi «Imom al Buxoriy» majmuasini restavratsiya qilish, Nurobod tumanidagi «Xazrati Dovud», Urgut tumanidagi «G‘avsul A’zam» va boshqa ziyorat ob’ektlari hududini obodonlashtirish rejalashtirilgan.

Hisob-kitob qiymati 39,34 mlrd so‘m bo‘lgan dasturning amalga oshirilishi 2020 yilga qadar xorijiy sayohlar sonini ikki barobar oshirishga imkon berishi kutilmoqda.