2−7 iyul kunlari Turkiya hamkorlik va muvofiqlashtirish agentligi (TIKA) hamda O‘zbekiston va Turkiya sog‘liqni saqlash vazirliklari tomonidan tashkillashtirilgan Salomatlik haftaligi bo‘lib o‘tdi.

Turkiya elchixonasi matbuot xizmatining xabar qilishicha, xayriya aksiyasi davomida turkiyalik 19 nafar shifokor va 222 nafar o‘zbekistonlik tibbiyot mutaxassislari anesteziologiya, bolalar kardiovaskulyar jarrohligi, urologiya, ginekologiya, ortopediya, umumiy va bolalar jarrohligi bo‘yicha mahorat darslari hamda tajriba almashinuvlar o‘tkazildi.

Besh kun davomida 184 bemor shifokorlar maslahatini oldi. Ularning 80 nafari Toshkent pediatriya tibbiyot instituti, Respublika ixtisoslashtirilgan akusher va genekologiya ilmiy-amaliy markazi, Chirchiqdagi Perinatal markaz, Yangiyo‘l va Olmaliqdagi tug‘ruq majmualari, shuningdek, Urganchdagi onkologik dispanser va Respublika ixtisoslashtirilgan urologiya markazining Urganch filialida bepul operatsiya qilindi. Ayrim operatsiyalar videokonferensiya rejimida translyatsiya qilindi.

Aksiya doirasida Turkiya Sog‘liqni saqlash vazirligi vakillarining O‘zbekiston sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shodmonov bilan uchrashuvi, Gematologiya va qon quyish ITI qoshidagi Ilik o‘zak hujayralari transplantatsiyasi markaziga tashrif bo‘lib o‘tdi.