Kinematografiyani rivojlantirish markazi tomonidan e’lon qilingan barcha yoshdagi professional va havaskor ijodkorlar uchun Qisqa metrajli filmlar loyihalari uchun tanlov g‘oliblari aniqlandi. Bu haqda markaz matbuot xizmati xabar qildi.

Tanlovda ishtirok etish istagini bildirgan, respublikaning turli viloyatlaridan kelgan ko‘plab yosh ijodkorlarning loyihalari 1 iyulga qadar qabul qilindi va ular orasidan saralab olingan eng yaxshi to‘qqiz nafar talabgorning loyihasi 7 iyul kuni ko‘rib chiqildi.

Tanlovda ishtirok etgan yosh ijodkor Gulnora Ivanovaning «Fontan» nomli qisqa metrajli film loyihasi tanlov komissiyasi a’zolarining ko‘pchilik ovozi bilan g‘olib deb topildi.

Muxammadxon Yusupovning «Kino» nomli qisqa metrajli film loyihasi komissiya a’zolari tomonidan yuqori baholanganligi bois, mazkur film prodyuser Izatilla Rashidov tomonidan «Ilk film» kinostudiyasida suratga olish uchun qabul qilindi.

Kinematografiyani rivojlantirish markazi tanlovda g‘olib chiqqan G. Ivanovaga «Fontan» nomli qisqa metrajli film loyihasi asosida film ishlab chiqarish ishlariga har tomonlama ko‘maklashish bilan birga yaratilgan filmni mahalliy va xalqaro kinofestivallarga tavsiya etishni o‘z zimmasiga oladi. Shuningdek, Markaz tanlovda ishtirok etgan boshqa yosh iste’dotlar bilan kelgusida yangi loyihalar ustida ishlash bo‘yicha hamkorlikni yo‘lga qo‘yadi.