Favqulodda vaziyatlar vazirligi xodimlari 21 yoshli yigitni Chirchiq daryosidagi orolchadan evakuatsiya qilishdi, deb xabar berdi vazirlik matbuot xizmati.

6 iyul kuni 22:07 da FVVga Toshkentning Bektemir tumanida suvda to‘g‘ri harakatlanish qoidalarini buzgan yosh yigit Chirchiq daryosining chap qirg‘og‘ida kichik orolchada qolib ketgani haqidagi ma’lumot kelib tushadi.

Qutqaruvchilar hodisa joyiga 22:20 da yetib kelishadi. Kunning kech bo‘lgani, ko‘rishning qiyinligi va oqimning kuchli ekaniga qaramasdan, FVV xodimlari rezina qayiqda yigitni qutqarib, unga birinchi tez tibbiy yordamni ko‘rsatishdi va yaqinlari qo‘liga topshirishdi.

O‘zbekiston FVV joriy yilda Chirchiq daryosining sathi o‘rtacha ko‘p yillik me’yordan oshgani va daryoda cho‘milish xavfli ekani haqida ogohlantirmoqda.