O‘zbekiston Markaziy banki tijorat banklarining likvidligini boshqarishga qo‘yiladigan talablarga o‘zgartirishlar kiritdi, deb xabar qildi MB matbuot xizmati.

Banklar majburiyatlarining o‘z vaqtida va to‘liq bajarilishini ta’minlash maqsadida lahzali va joriy likvidlilik me’yorlarini bajarishlari lozimligi belgilandi.

Joriy likvidlilik koeffitsiyenti joriy aktivlar summasini (to‘lov muddati 30 kungacha bo‘lgan bankning likvidli aktivlari va qo‘yilmalari, bundan muddati uzaytirilgan yoki qaytarish muddati o‘tgan kreditlar mustasno) joriy majburiyatlar (talab qilib olinguncha va ijro etish muddati 30 kungacha bo‘lgan majburiyatlar) summasiga nisbati orqali aniqlanadi va 30 foizdan kam bo‘lmasligi lozim.

Lahzali likvidlilik koeffitsiyenti bank kassasidagi naqd pul va boshqa to‘lov hujjatlari hamda bankning O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankidagi hisobvaraqlaridagi mablag‘lari (bundan Markaziy bankdagi majburiy zaxira hisobvarag‘i va majburiy zaxiralar depozitlaridagi mablag‘lar mustasno) summasini ushbu Nizomga ilova qilingan hisobvaraqlarning qoldiqlari — talab qilib olinguncha majburiyatlar summasiga nisbati orqali aniqlanadi

Lahzali likvidlilik koeffitsiyentini hisoblashda faqat O‘zbekiston Respublikasi milliy valyutasidagi mablag‘lar inobatga olinadi. Lahzali likvidlilik koeffitsiyenti 2017 yil 1 avgustdan boshlab 10 foizdan, 2017 yil 1 noyabrdan boshlab 15 foizdan, 2018 yil 1 yanvardan boshlab 20 foizdan kam bo‘lmasligi lozim.