O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Pop tumanidagi «O‘zbekiston temir yo‘llari» aksiyadorlik jamiyatiga qarashli Ko‘mir briketi ishlab chiqarish zavodiga tashrif buyurdi, deb xabar qildi O‘zA.

Qiymati 7 million dollar bo‘lgan mazkur loyiha natijasida yiliga 500 ming tonna ko‘mir briketi ishlab chiqariladi. Korxonada 160 ish o‘rni yaratildi.

Prezident briket ishlab chiqarish jarayonini ko‘zdan kechirdi. Mahsulotning narxi, samaradorligi bilan qiziqdi. Zavodda ko‘mir kukuni zamonaviy texnologiya asosida qayta ishlanib, quvvati yuqori moddalar bilan boyitiladi, hid va zararli gazlardan tozalanadi, tashish uchun qulay qilib qadoqlanadi.

Zavod mahsulotlarini mamlakat hududlariga tarqatish punktlari tashkil etish, briket va uni yoqishga mos pechlarni aholiga yetkazib berish, buning uchun imtiyozli kreditlar ajratish kerakligi ta’kidlandi.

Bu yerda «O‘zqurilishmateriallari» aksiyadorlik jamiyati tomonidan amalga oshirilishi mo‘ljallangan loyihalar taqdimoti ham o‘tkazildi. Namangan viloyatida 2017−2018 yillarda qurilish materiallari ishlab chiqarishga 200 mln dollarlik investitsiya yo‘naltirilmoqda.

Pop tumanida sement, shifer, asbest quvurlar, beton va yarim sintetik moylash materiallari, Kosonsoy va Yangiqo‘rg‘on tumanlarida sement, Namangan shahrida keramik plita va santexnika mahsulotlari, Pop, To‘raqo‘rg‘on, Uychi, Yangiqo‘rg‘on tumanlarida pishiq g‘isht, Chust tumanida pardozlash toshlari ishlab chiqarishni tashkil etish loyihalari taqdimoti o‘tkazildi.