«Jizzax» erkin iqtisodiy zonasida Uzbekistan Peugeot Citroyon Automotive (UzPCA) QK yangi ishlab chiqarish majmuasi poydevoriga kapsulalarni qo‘yishga bag‘ishlangan marosim bo‘lib o‘tdi. Bu haqda «O‘zavtosanoat» kompaniyasi axborot xizmati xabar qildi.

45 ga maydondagi uchastkada yiliga 16 ming dona avtomobil ishlab chiqarishga mo‘ljallangan zamonaviy ishlab chiqarish majmuasi quriladi. Qurilish ishlari mahalliy bosh pudratchi tomonidan fransuz sheriklar nazorati ostida olib boriladi. Zavodni loyihalash esa Peugeot Citroyon muhandislari bilan hamkorlikda olib borilmoqda.

16 may kuni «O‘zavtosanoat» va Fransiyaning Peugeot Citroyon konserni o‘rtasida Peugeot va Citroyon brendlari ostida to‘liq sanoat sikli asosida yo‘lovchlar va yuk tashishga mo‘ljallangan yengil tijoriy avtomobillarni ishlab chiqarish bo‘yicha qo‘shma korxona tashkil etish to‘g‘risidagi kelishuv imzolangan edi.

Avtomobillarni ishlab chiqarish 2019 yildan boshlanishi kutilmoqda. QKning ustav kapitali 30 mln yevroni tashkil etib, teng ulushda taqsimlanadi. Loyiha bo‘yicha umumiy sarmoya miqdori esa 130 mln yevroga yaqin.

Mahalliy ehtiyot qismlarni ishlab chiqaruvchilarni jalb etish yo‘li bilan ishlab chiqarishning birinchi yilidanoq mahalliylashtirish darajasini eng kamida 50 foizga yetkazish rejalashtirilgan.