O‘zbekistonda Mudofaa vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Milliy xavfsizlik xizmati va Davlat bojxona qo‘mitasi harbiy xizmatchilari va xodimlaridan chiqqan pensionerlarni uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish tizimiga jalb etish rejalashtirilmoqda. Bu haqda Prezidentning 6 iyuldagi farmonida so‘z ketadi.
Hujjatda qayd etilishicha, 1 avgustdan boshlab O‘zbekiston Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi, Qoraqalpog‘iston UJK vazirligi markaziy apparati, viloyatlar UJK boshqarmalari, Toshkent UJK bosh boshqarmasi, Ko‘p kvartirali turar-joy fondlaridan foydalanish sohasida nazorat bo‘yicha inspeksiya va «Kommunxizmat» agentligi rahbarlar tarkibida mutaxassis sifatida faoliyat ko‘rsatuvchi shunday pensionerlarga nafaqa puli to‘liq miqdorda beriladi (agarda ularning yagona ishlash joyi bo‘lsa).
Qayd etish joizki, O‘zbekistonda mehnat qiluvchi pensionerlarga, ayrim toifalarni istisno qilganda, nafaqasining 50 foizi to‘lanadi.
Prezidentning 5 iyuldagi farmoni bilan shu vaqtga qadar mudofaa vazirining shaxsiy tarkib bo‘yicha o‘rinbosari bo‘lib faoliyat ko‘rsatib kelayotgan Muzaffar Saliyev O‘zbekiston uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vaziri etib tayinlandi.