6 iyul kuni Toshkentda O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida sog‘liqni saqlash tizimini yanada takomillashtirish, sohadagi mavjud muammo va kamchiliklarni bartaraf etish masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi, deb xabar qildi O‘zA.

Yig‘ilishda patronaj ishlari talab darajasida emasligiga urg‘u berildi. Shu munosabat bilan Vazirlar Mahkamasiga patronaj xizmatining mazmun-mohiyati va asosiy vazifalari aniq belgilab qo‘yiladigan alohida Nizom tayyorlash vazifasi topshirildi.

«Biz endi tibbiyot muassasasi, jumladan, patronaj xizmatining faoliyatiga soha amaldorlari emas, balki oddiy odamlar, aholining bevosita o‘zi xolis baho beradigan tizim yaratishimiz kerak», dedi davlat rahbari.

Yig‘ilishda yana bir dolzarb muammo — mintaqa va hududlarda shifokor kadrlar yetishmovchiligi bilan bog‘liq masala ham muhokama qilinib, vaziyatni ijobiy tomonga o‘zgartirish maqsadida tibbiyot xodimlari uchun zarur sharoitlar yaratish, jumladan, ularni imtiyozli ipoteka kreditlari asosida arzon uy-joylar, iste’mol kreditlari bilan ta’minlash bo‘yicha alohida dastur ishlab chiqish haqida ko‘rsatma berildi.

Yig‘ilishda yana bir ustuvor yo‘nalish — respublikada sog‘liqni saqlash tizimining xususiy sektorini rivojlantirishning mavjud holati atroflicha muhokama qilindi. Bu borada davlat rahbarining joriy yil 1 aprelda qabul qilingan qaroriga binoan xususiy tibbiyot muassasasalari faoliyatiga cheklovlar bekor qilinib, qator imtiyozlar berilgani, ular uchun barcha turdagi yuqori texnologik operatsiyalarni amalga oshirishga ruxsat etilgani ta’kidlandi. Lekin yaratib berilgan katta imkoniyatlarga qaramasdan, bu borada sustkashlikka yo‘l qo‘yilayotgani tanqidiy nuqtai nazardan chuqur tahlil qilindi. Bu masalada, ayniqsa, Sirdaryo, Jizzax, Navoiy, Qashqadaryo viloyatlari va Qoraqalpog‘istonda jiddiy kamchiliklar mavjudligi ko‘rsatib o‘tildi.

Mahalliy hokimliklar xususiy tibbiyot sohasiga sarmoya jalb qilish masalasiga, yangi muassasa tashkil etmoqchi bo‘lgan tadbirkorlarga yetarli darajada e’tibor bermayotgani bilan bog‘liq kamchiliklar tanqid qilinib, sog‘liqni saqlash tizimida xususiy sektorni rivojlantirish yuzasidan tegishli topshiriq va ko‘rsatmalar berildi. Jumladan, shu borada «Asakabank» qoshida Nodavlat tibbiyot muassasalarini rivojlantirish jamg‘armasini tashkil etish maqsadga muvofiq, deb topildi va davlat rahbarining ko‘rsatmasiga binoan qo‘shimcha moliyaviy manbalar hisobidan ushbu jamg‘armaga 14 million AQSH dollari miqdorida mablag‘ ajratildi.

Yig‘ilishda sog‘liqni saqlash tizimidagi islohotlarni izchil davom ettirish, ayniqsa, xususiy tibbiyot tarmog‘ini kengaytirish bo‘yicha ishlarning ahvoli uchun Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi raisi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimlari hamda tegishli vazirlik va idoralar rahbarlari shaxsan mas’ul ekani va har chorakda Prezidentga hisobot berishi alohida ta’kidlandi.

Ayni vaqtda xorijiy mamlakatlardan yuqori malakali shifokor mutaxassislarni O‘zbekistonga taklif etib, ularning bilim va salohiyatidan samarali foydalanish bo‘yicha chora-tadbirlar ko‘rish zarurligi haqida topshiriqlar berildi.

Yig‘ilishda olib borilayotgan doimiy monitoring ishlari dori-darmon ta’minoti va narxi masalasida ham hanuzgacha jiddiy muammolar borligini ko‘rsatayotgani aniq misollar asosida qayd etildi. Mutasaddi tashkilotlarga narxlari cheklangan dori vositalari ishlab chiqarish, ularning dorixonalarda doimo mavjud bo‘lishi va retsept asosida berilishini ta’minlash kabi tadbirlar mexanizmini ishlab chiqish vazifasi topshirildi.

Yig‘ilishda tegishli vazirlik va idoralar, kompaniyalar va xo‘jalik birlashmalarining rahbarlari, bir qator viloyat va tumanlar hokimlarining axborotlari tinglandi.