O‘zbekiston Prezidentining 5 iyuldagi farmoni bilan O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi rahbari Qahramon Quronboyev Prezidentning yoshlar siyosati bo‘yicha davlat maslahatchisi va Oliy Majlis Senati a’zosi etib tayinlandi. Hujjatlar davlat rahbari saytida e’lon qilindi.

Muqaddam Prezidentning jamoat va diniy tashkilotlar bilan aloqalar bo‘yicha davlat maslahatchisi o‘rinbosari bo‘lib ishlagan Qahramon Quronboyev 30 iyun kuni Yoshlar ittifoqi (sobiq «Kamolot» yoshlar harakati) rahbari etib saylangan edi.

Ittifoq markaziy kengashi raisining bir vaqtda Prezident davlat maslahatchisi va senator bo‘lishi haqida Shavkat Mirziyoyev xuddi shu kuni yoshlar tashkilotining qurultoyida ma’lum qilgan edi.

Davlat rahbari tashkilotning Qoraqalpog‘istondagi kengashi raisi Respublika Jo‘qorg‘i Kengesi raisining, viloyat, tuman va shahar bo‘linmalarining rahbarlari esa tegishli hokimlarning yoshlar siyosati bo‘yicha maslahatchilari etib tayinlanishi haqida ma’lum qildi.