O‘zbekistonda pasport tizimi qoidalarini buzganlik uchun jarimalar kamaytiriladi. Prezident tomonidan 13 iyunda imzolangan qonun bilan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga tegishli o‘zgartishlar kiritildi, deb xabar qildi Toshkent IIBB o‘z saytida.

Pasporti bo‘lishi shart bo‘lgan fuqaroning pasportsiz yoki haqiqiy bo‘lmagan pasport bilan, vaqtincha yoki doimiy propiskasiz yoxud turgan joyi bo‘yicha hisobda turmasdan yashashi, pasportni qasddan yaroqsizlantirishi, shuningdek pasportni beparvolik bilan saqlashi va buning oqibatida pasportning yo‘qolishi endilikda eng kam ish haqining yarim baravaridan uch baravarigacha miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi. Bunga qadar ushbu qoidabuzarliklar uchun jarima miqdori EKIHning 3 baravari miqdorida edi.

Avvalroq jarima miqdori yuqoriligi sababli ayrim fuqarolar, ayniqsa kam ta’minlangan oilalar vakillari yangi pasport olish yoki amal qilish muddati o‘tib ketganidan so‘ng ularni almashtirishga qurbi yetmayotgani xabar qilingan edi. Bu holat Qonunchilik palatasi deputatlarining joriy yil davomida hududlarga tashriflari chog‘ida aniqlangan edi.

Xuddi shunday huquqbuzarlik ma’muriy jazo chorasi qo‘llanilganidan keyin bir yil davomida takror sodir etilgandagi jarima miqdori esa o‘zgarishsiz — EKIHning 5 baravari miqdorida saqlab qolindi.

Pasport tizimi qoidalariga rioya etish uchun mas’ul bo‘lgan shaxslarning fuqarolarning pasportsiz yoki haqiqiy bo‘lmagan pasport bilan yoxud vaqtincha yoki doimiy propiskasiz, turgan joyi bo‘yicha hisobda turmasdan yashashiga yo‘l qo‘yishi, xuddi shuningdek fuqarolarning o‘z turar joylarida pasportsiz, vaqtincha yoki doimiy propiskasiz yoxud turgan joyi bo‘yicha hisobda turmagan shaxslar yashab turishiga yo‘l qo‘yishi EKIHning 10 baravari miqdoridagi jarimaga tortilishiga sabab bo‘ladi (bir yil davomida takrorlanishi — EKIHning 15 baravari).