Ostonada O‘zbekistonning Qozog‘istondagi elchixonasi binosi qurilmoqda. Ushbu bino ochilganidan so‘ng O‘zbekistonning Olmaotadagi diplomatik vakolatxonasi bosh konsullikka aylantiriladi. Bu haqda O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov 5 iyul kuni vatandoshlar bilan muloqotda ma’lum qildi.

Uning qo‘shimcha qilishicha, O‘zbekiston fuqarolarining huquq va manfaatlarini samarali himoya qilinishini ta’minlash maqsadida Rossiyaning Sankt-Peterburg, Qozon, Rostov-Don, Yekaterinburg, Vladivostok shaharlarida konsullik vakolatxonalarini ochish masalasi ishlab chiqilmoqda.

«Milliy qonunchilikka kiritilayotgan ushbu barcha yangiliklar, xorijiy davlatlarda bizning diplomatik o‘rnimiz mavjudligini kengaytirish bo‘yicha rejalashtirilgan tadbirlar Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan ilgari surilgan bosh ustuvor g‘oya — „Vatanimiz fuqarolarining, ular qayerda bo‘lishmasin, manfaat va huquqlarini himoya qilish“ vazifasining amalga oshirilishini ta’minlashi kerak», — ta’kidladi vazir.

Abdulaziz Kamilov bir qator konsullik faoliyatlarda vatandoshlarning murojaatlarini ko‘rib chiqish mexanizm va muddatlari yengillashtirilmoqda. Jumladan, chet elda yo‘l hujjatlari yo‘qolgan va vatanga qaytish uchun guvohnoma berilishini so‘rab murojaat qilgan arizachining shaxsini tasdiqlash muddati 3 oydan 7 ish kuniga qisqartirildi.