O‘zbekiston maktablarining 9-sinf bitiruvchilari o‘z xohishlari yoki ota-onalarining istaklari bo‘yicha ta’limni o‘z maktablarida yoki o‘rta maxsus, kasb-hunar muassasalarida davom ettirishlari mumkin. Bu haqda chorshanba kuni Xalq ta’limi vazirligi o‘z saytida ma’lum qildi.

XTV matbuot xizmatidan «Gazeta.uz"ga oydinlik kiritilishicha, bunday qaror butun mamlakat bo‘ylab o‘tkazilgan so‘rovdan so‘ng qabul qilindi. Mazkur so‘rov Prezident Shavkat Mirziyoyevning poytaxtdagi 78-maktabda sinov tariqasida 11 yillik ta’limni tiklash haqidagi taklifidan so‘ng o‘tkazildi.

«Hukumat har bir bitiruvchi va uning ota-onasiga tanlash huquqini beradi va buning uchun sharoit yaratadi», — deya ta’kidlandi matbuot xizmatida.

Shunday qilib, barcha maktablarda 10-sinflar paydo bo‘lishi mumkin. Biroq xohlovchilar soni yetarlicha yig‘ilmagan taqdirda, masala ishchi tartibda ko‘rib chiqiladi. Bunda o‘qituvchilar, sinf xonalari va boshqa omillar hisobga olinadi.

Batafsil mexanizmlar yaqin kunlarda e’lon qilinishi kutilayotgan Prezident qarorida sanab o‘tiladi.

Bunga qadar O‘zbekistonda o‘rta ta’lim to‘qqiz yillik maktab hamda kasb-hunar kollejlari va akademik litseylardagi uch yillik ta’limni o‘z ichiga olar edi.