O‘zbekiston Human Rights Watch bilan hamkorlik qilishga ochiq, deya ma’lum qildi mamlakat tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov 5 iyun kuni vatandoshlar bilan muloqot jarayonida. Muloqot «O‘zbekiston» telekanali orqali to‘g‘ridan-to‘g‘ri efirga uzatildi.

Xalqaro huquqni muhofaza qilish tashkilotlari bilan hamkorlikdagi «bir oz to‘xtalish» va uning qayta tiklanishi to‘g‘risidagi savolga javob berar ekan, vazir: «Ha, ular to‘liq qaytishlari mumkin», — deb javob berdi.

«Yaqinda biz Kennet Rossdan, u Human Rights Watch ijrochi direktori, maktub oldik. Unda janob [Stiv] Sverdlov (HRW'ning Markaziy Osiyo bo‘yicha tadqiqotchisi — tahr.) boshchiligidagi kichik guruhning O‘zbekistonga tashrif buyurishiga ijozat so‘ralgan. Biz ushbu jamoani qabul qilishga tayyormiz», — dedi tashqi siyosat mahkamasi rahbari.

Shu o‘rida Abdulaziz Kamilov hamkorlik o‘zaro hurmat va ichki ishlarga qaysidir jihatdan aralashishga yo‘l qo‘ymaslik tamoyillariga asoslanishi lozimligini ta’kidladi. Bundan tashqari, «bizning an’analarimiz, bizning urf-odatlarimizni hurmat qilish hamda o‘ziga xoslikni tushunish» lozimligi qayd etib o‘tildi.

«Biz O‘zbekistonni demokratik rivojlantirish bo‘yicha o‘z tushunchamizga egamiz. Hurmatli Prezidentimiz Shavkat Miromonovich Mirziyeyov mamlakat rahbarligiga saylanganining birinchi kunidanoq bu borada juda ko‘p ishlarni amalga oshirmoqda», — dedi vazir.

«Bu yerda hech qanday taqiqlar yo‘q», — deya ishonch bildirgan vazir kun tartibidan hech qanday masalani istisno qilmaslik va ularni xotirjamlik bilan muhokama qilishni taklif etdi. «Biz u yoki bu masala, muammoga nisbatan turli nuqtai nazar, har xil qarash, turlicha yondashuvlarga ega bo‘lishimiz mumkin. Biroq bu umumiy manfaatlarimiz mavjud bo‘lgan muhitda hamkorlikdagi faoliyatimizni to‘xtatamiz, degan ma’noni anglatmaydi», — dedi vazir.

«Eshiklarimiz ochiq va biz nafaqat Human Rights Watch, balki boshqa tashkilotlarni ham qabul qilishga tayyormiz», — deya ishonch bildirdi Abdulaziz Kamilov.