O‘zbekiston mintaqada yirik gidrotexnik inshootlar qurilishi bo‘yicha o‘z pozitsiyasiga sodiq qoladi, deya ma’lum qildi Abdulaziz Kamilov chorshanba kuni vatandoshlar bilan muloqot jarayonida.

«Biz bunday plotinalar qurilishida daryolarning ham yuqori, ham quyi qismidagi davlatlar manfaatlari hisobga olinishi kerak, degan pozitsiyada turishda davom etamiz», — dedi TIV rahbari Tojikistonda Rog‘un gidroelektr stansiyasi qurilishi boshlangani to‘g‘risidagi savolga javob qaytarar ekan.

U BMTning Markaziy Osiyoda ogohlantiruvchi diplomatiya bo‘yicha Mintaqaviy markazi tomonidan taklif qilingan Amudaryo va Sirdaryo bo‘yicha ikkita konvensiyani yodga oldi.

O‘zbekiston va Qozog‘iston uchun bu mutlaqo maqbul. Tojikiston tomoni masalani ko‘rib chiqmoqda, Qirg‘iziston esa hozircha javob bergani yo‘q, dedi Abdulaziz Kamilov. «Markaziy Osiyoda suv resurslarini aql va adolat bilan taqsimlash bo‘yicha mintaqaviy kelishuvga erishishning boshqa muqobili yo‘q», — dedi u.

Mazkur pozitsiyani BMT bosh kotibi Antoniu Guterrish, Jahon banki va yirik davlatlar qo‘llab-quvvatlaydi.

«Shuning uchun umid qilamanki, yaqin vaqtlar ichida ekspert uchrashuvlarini boshlaymiz, keyin bosqichma-bosqich daraja oshib, o‘zaro tushunishga erishamiz», — deya qo‘shimcha qildi vazir.

«Biz tojik tomoniga: „Rog‘un qurilishini to‘xtating“, — demaymiz», — ta’kidladi u. Vazir kafolatlar, tomonlarning huquq va majburiyatlari, shuningdek bahsli masalalarni hal etish va ehtimoliy zararlarni qoplash mexanizmlari haqida BMT taklif etgan konvensiyalarga mos tarzda birgalikda kelishib olishga chaqirdi.

Abdulaziz Kamilov so‘zlariga ko‘ra, bu kabi konvensiyalar dunyoda yetarlicha va shu yo‘l bilan turli hududlarda davlatlar o‘rtasidagi jiddiy masalalar ham bo‘lgan.