10 yil davomida Respublika baynalmilal madaniyat markazini (may oyida Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasiga aylantirildi) boshqargan Nasriddin Muhammadiyev 70 yoshida hayotdan ko‘z yumdi.

Nasriddin Muhammadiyev 1946 yilning 2 dekabrida Qashqadaryo viloyatida tug‘ilgan. 1968 yilda Toshkent davlat universitetining filologiya fakultetini tamomlagan. Xuddi shu yili mehnat faoliyatini «Toshkent oqshomi» gazetasida boshladi.

1976—1979 yillarda Eronda eron tilidan tarjimonlik qilgan. 1983—1993 yillarda «Yoshlik» jurnalida mas’ul kotib lavozimida faoliyat ko‘rsatgan. 1993—1994 yillarda O‘zbekiston Milliy axborot agentligining (O‘zA) xalqaro axborotlar bo‘limini boshqardi.

1994—1996 yillarda Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmatining birinchi kotibi bo‘lib ishladi. 1996—1999 yillarda esa O‘zbekistonning Turkiyadagi elchixonasi birinchi kotibi bo‘ldi. 1999 yildan 2005 yilgacha Prezident devoni matbuot xizmati yetakchi konsultanti sifatida mehnat qildi.

Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasi jamoasi Nasriddin Muhammadiyevning yaqinlariga o‘z hamdardligini bildirdi.