O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 4 iyul kuni Toshkent shahrida yig‘ilish o‘tkazildi. Unda hukumatning Kommunal xizmatlar, transport, kapital qurilish va qurilish industriyasi masalalari kompleksi hamda Iqtisodiy rivojlantirish, tarkibiy o‘zgartirishlar, investitsiyalar, bank va moliya tizimini isloh qilish, erkin iqtisodiy va kichik sanoat zonalari faoliyatini muvofiqlashtirish masalalari kompleksi rahbarlari bilan birga, ushbu komplekslar tarkibiga kiruvchi vazirlik va idoralar rahbarlarining joriy yil birinchi yarim yilligi yakunlari, mavjud muammolar va ularni bartaraf etish choralari, shuningdek, ikkinchi yarim yillikdagi dolzarb vazifalar to‘g‘risidagi hisobotlari tinglandi va har tomonlama, atroflicha muhokama qilindi, deb xabar berdi O‘zA.

Prezident Shavkat Mirziyoyev o‘tgan davr mobaynida mazkur komplekslar tarkibiga kiruvchi sohalar bo‘yicha muayyan natija va marralarga erishilgan bo‘lsa-da, xotirjamlikka berilmasdan, hali yechimini kutayotgan masalalarni tahlil qilish, mavjud rezerv va imkoniyatlarni to‘liq ishga solish choralarini ishlab chiqishga asosiy e’tibor qaratish zarurligini ta’kidladi.

Davlat rahbari joriy yil birinchi yarim yilligida yangidan yoki qayta tashkil etilgan vazirlik va idoralar faoliyatini samarali yo‘lga qo‘yish masalalariga alohida to‘xtalib, bu borada Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi, Davlat investitsiyalar qo‘mitasi, Kichik tadbirkorlikni rivojlantirish Kafolat jamg‘armasi rahbarlari tomonidan jiddiy kamchiliklarga yo‘l qo‘yilganini qayd etdi. Ushbu vazirlik va idoralar rahbarlari oldiga qisqa muddatda mavjud bo‘sh o‘rinlarga yuqori malakali mutaxassislarni jalb etish, qonun hujjatlari bilan belgilab berilgan asosiy vazifa va funksiyalarni to‘liq va sifatli bajarishni ta’minlash yuzasidan barcha zarur choralarni ko‘rish yuklatildi.

Kommunal xizmatlar, transport, kapital qurilish va qurilish industriyasi masalalari kompleksi tarkibidagi ayrim idoralar, jumladan, Davlat arxitektura va qurilish qo‘mitasi, «O‘zqurilishmateriallari», «O‘zmontajmaxsusqurilish», «O‘zshaharqurilish invest» kompaniyalari, Respublika yo‘l jamg‘armasi, «Qishloq qurilish bank"i va «Ipoteka-bank» tomonidan O‘zbekiston Prezidentining joriy yil o‘tgan davrida mamlakatimiz hududlari bo‘ylab amalga oshirgan tashriflari va uchrashuvlarda berilgan topshiriqlar ijrosini ta’minlashda yo‘l qo‘yilgan har bir kamchilik va nuqson tanqidiy tahlil qilinib, ushbu idoralar rahbarlari jiddiy ogohlantirildi. Avtomobil va daryo transporti agentligi rahbari egallab turgan lavozimiga noloyiq ekani qayd etilib, ushbu tizimni tubdan qayta ko‘rib chiqish lozimligi ta’kidlandi. Iqtisodiyot va Moliya vazirliklari, Davlat soliq qo‘mitasi ish faoliyati ham qoniqarsiz. Iqtisodiyot kompleksining sobiq rahbarlari iqtisodiy majmua ishini muvofiqlashtira olmagan, viloyat, tuman va shahar darajasidagi idoralar ishini o‘z holiga tashlab qo‘ygan.

Yig‘ilishda mamlakat iqtisodiyotining buguni va ertasi qanday bo‘lishi ko‘p jihatdan Iqtisodiy rivojlantirish kompleksi vazirliklarining ishi sifati va natijalariga bog‘liq ekani alohida ta’kidlandi.

Shuningdek, majlisda oxirgi yillarda kichik biznesni rag‘batlantirish yuzasidan ko‘plab qarorlar qabul qilinganiga qaramay, tadbirkorlikni rivojlantirish yo‘lida to‘siqlar hali ham mavjudligi qayd etildi.

Shu munosabat bilan, Kompleks rahbari — Bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Qo‘chqorovga Savdo-sanoat palatasi, Iqtisodiyot vazirligi, Markaziy bank hamda boshqa vazirlik va idoralar bilan birgalikda tadbirkorlik sohasidagi barcha muammolarni batafsil tahlil qilib, ilg‘or xalqaro tajribani inobatga olgan holda, mamlakatimizda kichik biznes, xususiy mulk va tadbirkorlik rivojiga keskin turtki beradigan takliflarni ishlab chiqish topshirildi.

Yig‘ilishda joylarda bo‘sh turgan davlat ob’ektlari yoki ilgari xususiylashtirilgan, lekin bugungi kunda foydalanilmayotgan bino-inshootlar bo‘yicha barcha ta’sir mexanizmlari ishlab chiqilgan, zarur huquqiy baza yaratib berilgan bo‘lsa-da, bu borada hali sezilarli natijalar ta’minlanmagani afsus bilan qayd etildi.

Bank-moliya tizimini rasmiyatchilik bilan, yuzaki isloh qilish amaliyotiga chek qo‘yib, tizimni zamonaviy uslublar asosida ishlaydigan sohaga aylantirish vazifasi o‘rtaga qo‘yildi. «Eng muhimi, bugungi kunda mamlakatimizdagi tijorat banklari eng zamonaviy xizmatlarni ko‘rsatib, har bir mijozning ko‘ngliga yo‘l topa oladigan, uni o‘ziga jalb etish uchun raqobat qilish salohiyatiga ega bo‘lishi kerak», dedi davlat rahbari.

Vazirlar Mahkamasi komplekslari, vazirlik va idoralar, xo‘jalik birlashmalarining joriy yil ikkinchi yarim yilligida belgilangan maqsadli parametrlar va tadbirlarni to‘liq va o‘z muddatida amalga oshirish, shuningdek, o‘rta va uzoq muddatli istiqbolni oldindan hisob-kitob qilish va unga erishish uchun «yo‘l xaritalari» ishlab chiqish masalalari muhokama qilinib, aniq topshiriqlar berildi.

Yig‘ilishda Vazirlar Mahkamasi komplekslari, vazirlik va idoralar, kompaniya va uyushmalar rahbarlarining hisobotlari eshitildi va muhokama qilindi, iqtisodiyot tarmoqlarini izchil rivojlantirish borasidagi kamchiliklarni bartaraf etish hamda jadal o‘sish sur’atlarini ta’minlash maqsadida mavjud rezerv va imkoniyatlarni to‘liq safarbar etish vazifalari belgilandi.