O‘zbekiston hukumati 29 iyundagi qarori bilan ichki ishlar organlari xodimlariga imtiyozli shartlarda turar joy sotib olish, qurish va rekonstruksiya qilish uchun uzoq muddatli ipoteka kreditlari berish tartiblarini tasdiqladi.

Hujjat ichki ishlar organlari xodimlarining turar joy-maishiy sharoitlarini yanada yaxshilash va ularni zamonaviy turar joy bilan ta’minlash maqsadida qabul qilindi.

Ipoteka kreditlari xodimlarga turar joy qiymatining kamida 25 foizi miqdoridagi dastlabki badal to‘langandan keyin kamida 10 yil muddatga beriladi. Agarda kredit xalqaro va xorijiy moliya institutlarining grantlari va investitsiyalari hisobidan taqdim etilsa, ipoteka kreditidan foydalanganlik uchun foiz stavkasi Markaziy bank qayta moliyalash stavkasining 2 foizidan ortiq bo‘lmagan hajmda ajratiladi.

Ichki ishlar organlarining alohida o‘rnak ko‘rsatgan, yuksak professionalizm darajasini namoyon qilayotgan, huquqbuzarliklarga qarshi kurashga salmoqli hissa qo‘shayotgan va ichki ishlar vaziri tomonidan belgilanadigan xodimlari uzoq muddatli imtiyozli ipoteka kreditlar navbatdan tashqari tartibda beriladi.

Shu maqsadda 2021 yilga qadar har yili 504 tadan qo‘shimcha kvartiralar qurish hududiy dasturlarga kiritiladi (jami — 2520 kvartira, jumladan 280 tasi Toshkentda, ushbu miqdor IIV taklifiga ko‘ra o‘zgarishi mumkin).

IIVning namunali xodimlariga dastlabki to‘lovni amalga oshirish uchun 5 yilga foizsiz uzoq muddatli qarzlar taqdim etiladi. Bundan tashqari, kredit bo‘yicha hisoblangan foizlarning 50 foizi IIVga subsidiya sifatida ajratiluvchi davlat byudjet mablag‘lari hisobidan qoplanadi.