O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 30 iyun kuni neft-gaz sohasida boshqaruv tizimini takomillashtirish to‘g‘risidagi qarorni imzoladi. Bu haqda davlat rahbari saytida xabar qilindi.

Hujjatga muvofiq, «O‘zbekneftgaz» MXK, «O‘zneftgazqazibchiqarish» AK, «O‘ztransgaz» AK, «O‘zneftmahsulot» AK va «O‘zneftgazmash» AK aksionerlik jamiyatlariga aylantirildi. «O‘zgeoburneftgaz» AK «O‘zburneftgaz» AJ bo‘ldi.

«O‘zbekneftgaza» tarkibida servis tashkilotlarini jalb etgan holda geologik razvedka ishlarini o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirish, uglevodorod zaxiralarining o‘sishini ta’minlash va yangi konlarni ochish, «O‘zneftgazqazibchiqarish» tashkilotlari uchun ishlanmalarni tayyorlash va yetkazish bilan shug‘ullanuvchi «O‘zneftgazgeologiya» MCHJ tashkil etiladi.

«O‘zneftgazqurilishinvest» AK tugatiladi. «O‘zgazinjiniring» MCHJ «Neftgazqurilish» MCHJga o‘zgartirilib, unga «O‘zbekneftgaz» va uning aksionerlik jamiyatlari tarkibiga kiruvchi qurilish-montaj tashkilotlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha vazifalar yuklatildi.

Bundan tashqari, «O‘zbekneftgaz» va uning aksionerlik jamiyatlari tomonidan ishlab chiqarilgan mahsulotlarni eksport qilishga ixtisoslashgan «Neftgazeksport» MCHJ tashkil etildi.

«O‘ztransgaz"ning 6 ta viloyatlararo unitar korxonasi bazasida 14 ta hududiy gaz ta’minoti filiali, «O‘zneftmahsulot"ning 23 ta unitar korxonasi bazasida neft mahsulotlarini sotish bilan shug‘ullanuvchi 15 ta MCHJ shaklidagi hududiy tashkilot tuziladi. Bunda tuman va shahar gaz ta’minoti filiallari soni optimallashtirilib, tumanlararo gaz ta’minoti uchastkalari sifatida qayta tashkil etiladi. Neft mahsulotlarini saqlash va sotish bo‘yicha past rentabelli ob’ektlar soni ham optimallashtiriladi.

«O‘zbekneftgaz» tarkibiga kiruvchi tashkilotlarni qayta tashkil etish natijalari bo‘yicha 12 ming shtat birligi qisqartiriladi. Ozod etilgan xodimlarga ishga joylashish bo‘yicha yordam ko‘rsatilishi lozim.

«O‘ztransgaz» AJga transport magistral gaz quvurlari va gaz taqsimlash tarmoqlarini takomillashtirish, sotilgan gaz hisobini yuritish, daromadning to‘liq tushishini yo‘lga qo‘yish, gazning yo‘qotilishi, asossiz va noratsional sarflanishiga barham berish, gaz tarmoqlariga noqonuniy ulanish va gaz o‘g‘irlash holatlariga barham berish bo‘yicha choralarni qo‘llash yo‘li bilan mamlakat iste’molchilarini tabiiy va suyultirilgan gaz bilan ta’minlash yuzasidan vazifalar yuklatildi.