1 iyuldan boshlab O‘zbekiston bilan Yevropa Ittifoqi o‘rtasida sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi Bitimga 2011 yil 7 aprelda imzolangan «To‘qimachilik bayonnomasi» kuchga kirdi. Bu haqda O‘zbekiston TIV matbuot xizmati xabar qildi.

«Mamlakatimizda to‘qimachilik sohasini rivojlantirishga muhim e’tibor berilayotganini hisobga olgan holda, ushbu hujjatning kuchga kirishi mamlakatimizning eksport salohiyatni oshirishda va milliy to‘qimachilik mahsulotlarimizning Yevropa bozorlariga kirib borishida katta amaliy ahamiyatga ega», — deyiladi xabarda.

«Xususan, ushbu hujjat O‘zbekiston bilan Yevropa Ittifoqi o‘rtasida to‘qimachilik mahsulotlari savdosi uchun mustahkam huquqiy asos yaratadi. Bunda tranzit tashishda, Yevropa Ittifoqi tomonidan O‘zbekiston to‘qimachilik mahsulotlariga qo‘llanilayotgan bojxona va soliq to‘lovlariga nisbatan o‘zarolik asosida eng qulay rejimni yo‘lga qo‘yish hamda ushbu turdagi mahsulotlar savdosidagi miqdoriy cheklovlarni olib tashlash nazarda tutiladi», — deb aniqlik kiritdi TIV.