RIA Novosti — Saudiya Arabistoni, BAA, Bahrayn va Misr Qatarga qarshi ultimatum muddatini 48 soatga uzaytirdi, deb xabar qildi «Al-Arabiya» telekanali.

Dushanba kuni Kuvayt arab sheriklarini Doxaga ilgari surilgan talablarga javob berish uchun qo‘shimcha vaqt berishga chaqirdi.

Saudiya Arabistoni, BAA, Bahrayn va Misr beshinchi iyun kuni Doxa bilan diplomatik aloqalarni uzib, Qatar bilan har qanday aloqaga chek qo‘ygan edi. Arab davlatlari Qatarni terrorizmni qo‘llab-quvvatlash va ularning ichki ishlariga aralashayotganlikda ayblamoqda. Keyinroq ularga boshqa arab davlatlari ham qo‘shildi.

23 iyun kuni Kuvayt Qatarga arab davlatlarining talablarini yetkazdi. Ultimatum 13 banddan iborat bo‘lib, ular orasida Eron bilan diplomatik va harbiy aloqalarni uzish, turk harbiy bazalarini yopish, terroristik tashkilotlarni moliyaviy qo‘llab-quvvatlashni to‘xtatish, qo‘shni davlatlar ichki ishlariga aralashishdan voz kechish hamda «Al-Jazira» sun’iy yo‘ldosh telekanalini yopish o‘rin olgan.

Ultimatum muddati yakshanba kuni kechasi poyoniga yetdi.

Qatar TIV rahbari Muhammad Abdurrahmon Al Taniy dushanba kuni ilgari surilgan talablarga Doxaning javoblarini yetkazishni mo‘ljallamoqda. Keyinroq Misr TIV chorshanba kuni Qohirada to‘rtta arab davlati tashqi siyosat mahkamalari rahbarlari uchrashishini ma’lum qildi. Unda Doxa atrofidagi vaziyat muhokama qilinadi.

Undan avvalroq esa Qatar hukumati ultimatum shartlarini bajarmasligi, ularni o‘z suverenitetining buzilishi deb hisoblashini ma’lum qilgan edi.