O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 30 iyun kuni «Toshkent-Sharqiy» aerodromi bazasida fuqarolik (ishchi) aviatsiyasi zamonaviy aeroport majmuasini qurish" loyihasini amalga oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risidagi qarorni imzoladi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati xabar qildi.

Hujjatda qayd etilishicha, qaror mamlakatda jahon standartlari asosida aeroport infratuzilmasini rivojlantirish, fuqarolik avitsiyasi parvozlari uchun sharoitlarni takomillashtirish, shuningdek xorij delegatsiyalarini yuqori darajada kutib olish va kuzatishni tashkil etish maqsadida qabul qilindi.

Qarorda keltirilishicha, Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroporti fuqarolik avitsiyasi parvozlarini istiqbolli rivojlantirish, xorij delegatsiyalarini oliy darajada kutib olish va kuzatish uchun cheklangan imkoniyatlarga ega.

Hujjatdan ma’lum bo‘layaptiki, «Toshkent shahar aeroportining yangi xalqaro yo‘lovchi terminalini (Toshkent-4) qurish» loyihasi vaqtincha to‘xtatib turiladi. Bunga sabab sifatida uning shahar chetida joylashgani turar va noturar joylarni buzish, Qorasuv kanali qismini o‘zgartirish, aholini ko‘chirishni talab qilishi, bu esa qurilish ishlari o‘tkazilayotgan hududda yashovchi aholining noroziliklarini keltirib chiqargani aytildi.

«Toshkent-Sharqiy» aerodromidagi harbiy-transport aviatsiyasi qayta dislokatsiya qilinadi.