O‘zbekiston Markaziy banki tijorat banklarining likvidligi monitoringini amalga oshirish, shuningdek xo‘jalik sub’ektlari tomonidan to‘lovlar, jumladan soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlarni davlat byudjetiga uzluksiz to‘lab borishini ta’minlash bo‘yicha chora-tadbirlarni amalga oshiradi.

Bu haqda Prezident Shavkat Mirziyoyevning 23 iyundagi «Respublika aholisini ijtimoiy ahamiyatga ega bo‘lgan oziq-ovqat mahsulotlari turlari bilan kafolatli ta’minlashning kechiktirib bo‘lmaydigan choralari to‘g‘risida"gi qarorida so‘z boradi.

Hujjatda qayd etilishicha, Markaziy bank pul-kredit siyosati, jumladan qisqa muddatli likvidlik va majburiy zaxira talablari stavkalarini boshqarish bo‘yicha operatsiyalar vositalarini faollashtirish va ulardan mohirlik bilan foydalanishi, shuningdek tijorat banklari tomonidan iqtisodiy qonunchilik me’yorlariga rioya etilishi ustidan nazoratni kuchaytirishi lozim.

MB Banklar assotsiatsiyasi va tijorat banklari bilan hamkorlikda zamonaviy to‘lov texnologiyalarini joriy etish hamda bank plastik kartalaridan foydalanish jozibadorligini oshirish bo‘yicha kompleks qo‘shimcha chora-tadbirlarni ishlab chiqadi.

Davlat soliq qo‘mitasiga tijorat banklari bilan birgalikda bankdan tashqari pul aylanmalari hajmini qisqartirish bo‘yicha qo‘shimcha choralar kompleksini ishlab chiqish vazifasi topshirildi. Bunda xo‘jalik sub’ektlari daromadlarini to‘liq va o‘z vaqtida inkassa qilinishi, doimiy nazorat tekshiruvlarini o‘tkazish yo‘li bilan ularning yashirilishiga yo‘l qo‘ymaslik ko‘zda tutilmoqda.

Tadbirkorlik sub’ektlarining tijorat banklari kreditlarini olish imkoniyatlari kengaytirish, sanoat, oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini ishlab chiqish sohasida tadbirkorlik sub’ektlari loyihalarini amalga oshirishda moliyaviy qo‘llab-quvvatlash yo‘li bilan kreditlash shartlarini yengillashtirish belgilangan.

Davlat statistika qo‘mitasi Iqtisodiyot vazirligi, MB hamda boshqa vazirlik va mahkamalar bilan birgalikda 2018 yil 1 yanvardan inflyatsiyani monitoring qilish va hisob-kitobini yuritishning takomillashtirilgan uslubini joriy etishi lozim.