O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev payshanba kuni Ichki ishlar vazirligi Akademiyasiga tashrif buyurib, u yerda yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi, deb xabar qildi «O‘zbekiston» telekanalining «Axborot» dasturi.

Shavkat Mirziyoyevga IIV Akademiyasini 2017−2021 yillarda rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi taqdim etildi. Ular professor-o‘qituvchilar tarkibini shakllantirish, ta’lim jarayonini tashkil etish va nomzodlarni ta’limga maqsadli tayyorlash, xodimlar malakasini va sohaviy xizmatlar faoliyatini yaxshilash, yangi innovatsion ta’minot bo‘yicha fond tashkil etish va moddiy-texnik bazani mustahkamlashdan iborat.

Akademiya faoliyati bilan tanishar ekan, davlat rahbari ta’lim sifati va akademiya maqomini oshirish lozimligini ta’kidladi. «Nom bor, sharoit bor, lekin bilim yo‘q. Strategiya yo‘q», — deya qayd etildi reportajda.

«Akademiyada o‘qitish oddiy universitetdagi o‘qitishdan mutlaqo farq qilmaydi, shuning uchun eng qisqa muddatlarda IIV Akademiyasi butunlay yangi o‘quv dargohiga aylanishi lozim», — deya Prezident so‘ziga asoslanib xabar qilindi lavhada. Shavkat Mirziyoyev misol sifatida Xitoy Jamoatchilik xavfsizligi universiteti faoliyatini keltirib o‘tdi.

Prezident har bir viloyatdagi kollejlarda ichki ishlar serjantlari va mutaxassislarini tayyorlash bo‘yicha maxsus sinflar tashkil etish zarurligini qayd etib o‘tdi. O‘quvlar sentyabrdanoq boshlanishi lozim. Umumiy bilimlar o‘z joyida olinadi, maxsuslari esa IIV Akademiyasida o‘qitiladi, deb xabar berdi dastur.

Prezident Mirzo Ulug‘bek tumanidagi 8-sonli shahar ichki ishlar bo‘limiga ham tashrif buyurib, xodimlar bilan suhbatlashdi va ish faoliyati bilan tanishdi.

Bu yerda avtomobillarning davlat raqamlarini avtomat ravishda tanish va qoidabuzarliklarni qayd etish uchun «Avtokon» uskunasi taqdimoti o‘tkazildi. Mazkur uskuna yo‘l harakati xavfsizligi inspektori mashinasiga o‘rnatiladi va oqimdagi avtomobillarni orqa raqamlar orqali «tanishga» imkon beradi.