28 iyun kuni O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov Yangi Zelandiyaning yangi tayinlangan favqulodda va muxtor elchisi (qarorgohi Moskva shahrida) Ien Aleksandr Xillni qabul qildi.

O‘zbekiston TIV matbuot xizmatining xabar qilishicha, elchi vazirga ishonch yorliqlarini topshirdi. Vazir elchini O‘zbekistonga tayinlangani bilan tabrikladi va samarali faoliyat yuritishida omad tiladi.

Bo‘lib o‘tgan suhbat chog‘ida ikki tomonlama shakldagi va xalqaro tashkilotlar doirasidagi hamkorlikning hozirgi holati va istiqbolli yo‘nalishlari muhokama qilindi.

Avval 2009−2012 yillarda O‘zbekistonda Yangi Zelandiya elchisi sifatida akkreditasiya qilingan Ien Aleksandr Xill hamkorlikni yanada rivojlantirish yuzasidan o‘zining takliflari bilan o‘rtoqlashdi.

Uchrashuvda ikki davlat ishbilarmon doiralari o‘rtasida manfaatli munosabatlarni faollashtirishga imkon beruvchi savdo-iqtisodiy aloqalarning normativ-huquqiy asosini shakllantirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.